O‘zbekiston quyosh energetikasi bir yilda 86% ga o‘sdi

Mamlakat allaqachon Qozog‘istondan to‘rt baravardan ko‘proq quyosh quvvatlariga ega

2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston quyosh elektr stansiyalarining o‘rnatilgan quvvati 86,1% ga oshib, 5934 MVt ga yetdi. Bunday ma’lumotlar Eni World Energy Review 2026 tadqiqotida keltirilgan. Soha rivojlanishi ayniqsa 2022-yildan keyin tezlashdi: agar 2015-yilda quyosh generatsiyasi bor-yo‘g‘i 1 MVt quvvatga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 204 MVt ga, 2023-yilda — 867 MVt ga, 2024-yilda esa — 3188 MVt ga yetdi. Taqqoslash uchun, Qozog‘istonning quyosh quvvatlari 2025-yilda 1325 MVt ni tashkil etgan. O‘zbekiston shamol energetikasi ham kengaymoqda: bir yil ichida uning o‘rnatilgan quvvati 501 dan 1652 MVt gacha oshdi.

Shu bilan birga, mamlakat o‘z tabiiy gazi taqchilligini boshdan kechirishda davom etmoqda. 2025-yilda uni qazib olish 2,4% ga oshib, 40,16 mlrd kub metrni tashkil etdi, iste’mol esa 5,1% ga o‘sib, 54,32 mlrd kub metrga yetdi. Import 19,88 mlrd kub metrni, eksport esa 5,72 mlrd kub metrni tashkil qildi. Shu tariqa, mahalliy qazib olish iqtisodiyot ehtiyojining qariyb 74% ini qopladi. Gaz zaxiralari 846 mlrd kub metrga baholanmoqda, bu hozirgi qazib olish hajmlarida taxminan 21 yillik ekspluatatsiyaga to‘g‘ri keladi. Quyosh elektr stansiyalarining ishlab chiqarish hajmi 2024-yilda bir yil avvalgi 622 GVt•soatga nisbatan 3965 GVt•soatga, shamol elektr stansiyalarida esa 7 GVt•soatga nisbatan 790 GVt•soatga yetdi.

Rasm manbasi: uzdaily

Neft sektorida 2025-yilda qazib olish sutkasiga 81 ming barrelgacha qisqardi, iste’mol esa 5,3% ga oshib, 147 ming barrelga yetdi. Mahalliy ishlab chiqarish ichki talabning atigi 55% ini ta’minladi. 2024-yilda CO2 chiqindilari bir yil ichida 1% ga oshib, 121,8 mln tonnani tashkil etdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025-yilda 7,7% ga o‘sdi, real YIM 2015-yilgi narxlarda 152,4 mlrd dollarga yetdi, aholi soni esa 37,1 mln kishigacha ko‘paydi.