O‘zbekiston 2027–2036-yillarga mo‘ljallangan mikroelektronika va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishni rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqishga kirishdi. Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ushbu ish uchun 1,2 million dollar texnik yordam ajratadi. Shundan 1 million dollari bevosita hujjatni tayyorlashga, qolgan 200 ming dollari esa maslahatchilarni jalb qilish hamda kadrlarni o‘qitish dasturini ishga tushirishga yo‘naltiriladi.
Xalqaro konsalting kompaniyasini tanlab olish 2026-yil 15-oktabrda yakunlandi. Tenderda AQSH, Singapur, Malayziya va O‘zbekistondan beshta da’vogar ishtirok etdi. Strategiyani ishlab chiqishga yarimo‘tkazgichlar sanoatida tajribaga ega xorijiy va mahalliy mutaxassislar ham jalb etilgan.

Amerikalik ekspert, Intel kompaniyasida 17 yil ishlagan Glenn Kuiro xalqaro maslahatchi bo‘ldi. Uning yarimo‘tkazgichlar sohasidagi umumiy ish staji 25 yildan oshadi, ixtisosligi esa mikroelektron qurilmalar fizikasi va loyihalanishini qamrab oladi. O‘zbekiston shuningdek, PhD ilmiy darajasiga hamda elektronika va yarimo‘tkazgichlar fizikasi sohasida 15 yildan ortiq tajribaga ega Oybek Abdulxayevni ham jalb qildi.