O‘zbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi Xitoyga tashrif buyurib, qurilish sohasini robotlashtirish texnologiyalari bilan tanishdi. Turli qurilish operatsiyalarini avtomatlashtirish uchun robotlar ishlab chiqaruvchi MagicBIM kompaniyasi yechimlariga alohida e'tibor qaratildi. Safarda yosh me'morlar ham ishtirok etdi.
Xitoy tomoni ob'ektlarni lazerli skanerlash, binolarning uch o‘lchamli modellarini yaratish, devorlarni avtomatlashtirilgan pardozlash va pol plitkalarini terish texnologiyalarini taqdim etdi. Bundan tashqari, robotlardan inshootlarning borish qiyin va xavfli bo‘lgan qismlarini tekshirish, muhandislik kommunikatsiyalarini nazorat qilish va nosozliklarni o‘z vaqtida aniqlash uchun foydalanish mumkin. Bunday yechimlar ishchilar xavfsizligini va qurilish ishlari sifatini oshirishga imkon beradi.

Robototexnikani binolarni axborot modellashtirish (BIM) texnologiyalari va sun'iy intellekt bilan birlashtirish masalasi alohida muhokama qilindi. Tomonlar Xitoy ishlanmalarini O‘zbekistonda joriy etish, jumladan, qurilish jarayonlarini raqamlashtirish hamda qurilish-montaj ishlari sifatini nazorat qilishni avtomatlashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.