Raqamli texnologiyalar maktabi School 21 jurnalistlarga ilk bor karyera hisobotini taqdim etdi. E'lon qilingan ma'lumotlarga ko'ra, Toshkent va Samarqand kampusining 550 dan ortiq talabasi amaliyot o'tashni boshlagan, shulardan 251 nafari ayni paytda amaliyot o'tamoqda. Mazkur ta'lim muassasasi bitiruvchilari soni 167 nafarga yetdi.
Amaliyot School 21 ni tamomlashning majburiy sharti hisoblanadi. Busiz talabalar malaka oshirish yoki qayta tayyorlash to'g'risidagi davlat namunasidagi diplomni ololmaydilar. Toshkentda talabalar uchun amaliyotni IT, bank ishi, fintex, telekommunikatsiyalar, davlat sektori va o'yinlar ishlab chiqish sohalarida faoliyat yurituvchi 169 ta kompaniya va tashkilot tashkil etdi. Ular orasida EPAM Systems, Vention, TBC Bank, Payme, Beeline, Uzum, Click, Paynet, IT Park va Uzinfocom bor.

Asosiy o'qish boshlanganidan to amaliyotga chiqqunga qadar o'rtacha to'qqiz oyga yaqin vaqt o'tadi, amaliyotning o'zi esa uch oy davom etadi. School 21 ning dastlabki bitiruv tadbirlari iyun oyida va 2026-yil 2-oktabrda — Toshkent kampusining ikki yilligi nishonlangan kunda bo'lib o'tdi. Maktab ijrochi direktori Zarina Lukhmanova tashkilot nafaqat amaliy tajriba orttirgan talabalar sonini, balki bitiruvchilarning kelgusi kasbiy rivojlanishini ham baholashini ta'kidladi.