Uzbekistan Airways aviachiptalar bo‘yicha raqobatchilar narxlarini monitoring qilish uchun SI platformasini ulaydi

AirGain tizimi aviakompaniyalar tariflarini tahlil qiladi va narx siyosatiga tezkor tuzatishlar kiritishda yordam beradi

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi real vaqt rejimida aviatashuvlar narxini monitoring qilish va tahlil qilish uchun Hindistonning RateGain kompaniyasiga tegishli AirGain platformasini tanladi. Mazkur yechim daromadlarni boshqarish departamenti uchun mo‘ljallangan bo‘lib, turli yo‘nalishlardagi tariflarni kuzatib borish, bozordagi takliflarni taqqoslash va tijoriy strategiyaga tezroq tuzatishlar kiritish imkonini beradi. Tashuvchining yo‘nalishlar tarmog‘i Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Amerikadagi 100 dan ortiq yo‘nalishni qamrab oladi.

AirGain aviakompaniyalar saytlari, onlayn-agentliklar, metaqidiruv xizmatlari va global bron qilish tizimlaridan ma'lumotlarni to‘playdi. Platformaga, shuningdek, bozordagi o‘zgarishlarni aniqlash, raqobatchilarning harakatlarini tahlil qilish va katta hajmdagi ma'lumotlarni qayta ishlashga yordam beruvchi sun'iy intellektga asoslangan vositalar integratsiya qilingan. Bu qo‘lda bajariladigan ishlar hajmini qisqartirish hamda har bir yo‘nalish bo‘yicha narxlar holatining yanada to‘liq manzarasini olish imkonini beradi.

Rasm manbasi: uzdaily.uz // Uzbekistan Airways

Uzbekistan Airways boshqaruvi raisining tijorat va turizm bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Yadgarov aviatashuvlarga bo‘lgan talabning ortishi aviapark va yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirishni talab qilishini ta'kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tizim kompaniyaga talab va taklifdagi o‘zgarishlarga yanada tezkorlik bilan munosabat bildirishga yordam beradi. RateGain kompaniyasida ham Markaziy Osiyoning Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo o‘rtasidagi transport aloqalarida o‘rni oshib borayotganini qayd etishdi.