O‘zbekiston vakillari amerikalik investorlarga mamlakatning axborot texnologiyalari sohasidagi imkoniyatlarini taqdim etdilar va xorijiy kapitalni jalb qilish istiqbollarini muhokama qildilar. Davra suhbati 9-noyabr kuni Vashingtonda AQSh Savdo palatasi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston delegatsiyasini raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov, IT Park Uzbekistan eksportni rivojlantirish bo‘yicha direktori Jahongir Kagirov va Shimoliy Amerikada rivojlantirish yo‘nalishi rahbari Rass Yapparov taqdim etdi.

Uchrashuv davomida amerikalik ishtirokchilarga startaplarni rivojlantirish, IT-autsorsing va malakali mutaxassislarni tayyorlash imkoniyatlari haqida so‘zlab berildi. AQShdan investitsiyalarni jalb qilish va texnologik hamkorlikni kengaytirishga alohida e'tibor qaratildi. Bundan tashqari, B20 sammiti doirasida IT Park Uzbekistan vakillari DHL, SKRAY, DLFL, Cyber Qubits va Unscripted kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazdilar.
Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri O‘zbekistonda autsorsing maydonchalari va global kompetensiyalar markazlarini (GCC) tashkil etish bo‘ldi. Shuningdek, sanab o‘tilgan kompaniyalarning mahalliy bozorga chiqish istiqbollari muhokama qilindi. Toshkent shu yo‘l bilan xalqaro biznesni jalb qilish, IT-xizmatlar eksportini kengaytirish va xorijiy korporatsiyalarning texnologik bo‘linmalarini joylashtirish maydonchasi sifatida mamlakat mavqeini mustahkamlashni rejalashtirmoqda.