O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va Seul milliy universiteti akademik hamda ilmiy-tadqiqot sohalarida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladilar. O‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri "Yangi O‘zbekiston" universiteti huzurida Sun’iy intellekt institutini tashkil etish va rivojlantirish bo‘ladi. Shu tariqa, respublika SI sohasida mutaxassislar tayyorlash va ilmiy ishlanmalar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish niyatida.
Hujjatda, shuningdek, ikki muassasaning talabalari, o‘qituvchilari va ma’muriy xodimlari almashinuvi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, tomonlar birgalikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, akademik va ilmiy materiallar almashishni rejalashtirmoqda. Hamkorlik o‘zbek va janubiy koreyalik mutaxassislar o‘rtasidagi o‘zaro aloqani ta’minlagan holda ta’lim hamda tadqiqot faoliyatini qamrab olishi lozim.

Shu bilan birga, memorandum sheriklikning umumiy tamoyillarini belgilaydi, aniq loyihalar, muddatlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari esa alohida kelishib olinadi. Buning uchun tomonlar qo‘shimcha muzokaralar olib borishi va tegishli yozma bitimlar tuzishi kerak bo‘ladi.