Turkiyaning Elcab Cable & Profile kompaniyasi O‘zbekistonda kabel ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin

Tomonlar qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish va elektrotexnika sanoatiga Turkiya texnologiyalarini joriy etishni muhokama qildilar

O‘zbekiston va Turkiya respublika hududida kabel mahsulotlari qo‘shma ishlab chiqarishini tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Sanoat hamkorligi istiqbollarini "O‘zeltexsanoat" uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov va Turkiyaning Elcab Cable & Profile kompaniyasi rahbari Nejdet Tiskaog‘lu Turkiyadagi amaliy uchrashuv chog‘ida muhokama qildilar.

Muzokaralar elektrotexnika sohasida hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish va mahalliy sanoat quvvatlaridan foydalanish masalalariga qaratildi. Tomonlar, shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda ikki mamlakat korxonalari o‘rtasida ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Rasm manbasi: uzdaily // "O‘zeltexsanoat"

Elcab Cable & Profile kompaniyasi 1998-yilda tashkil etilgan bo‘lib, silikon, shisha tolali va PVX kabellar, kabel yig‘malari, silikon profillar va boshqa elektrotexnika butlovchi qismlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Uning mahsulotlari maishiy texnika, kichik elektr jihozlari va sanoat uskunalarini ishlab chiqarishda qo‘llaniladi. Ehtimoliy loyihaning aniq parametrlari, jumladan, investitsiyalar hajmi va ishlab chiqarishni boshlash muddatlari hozircha oshkor qilinmagan.