O'zbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (NAPP) maxsus huquqiy rejim — regulyator qumdoni doirasida xorijiy qimmatli qog'ozlar muomalasi qoidalarini tasdiqladi. Nizom Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 11-noyabrda ro'yxatdan o'tkazildi. Hujjat Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysi tomonidan hisobga olingan xorijiy aktivlar, shuningdek, ularning asosida yaratilgan moliyaviy vositalar bilan bog'liq operatsiyalarni tartibga soladi.
Qoidalar xorijiy fond indekslariga kiritilgan kompaniyalar aksiyalari, xorijiy davlat va korporativ obligatsiyalari, birja investitsiya fondlari (ETF), indeks fondlari hamda depozitar tilxatlariga nisbatan qo'llaniladi. Savdoni regulyator qumdoni ishtirokchisi sifatida ro'yxatdan o'tgan brokerlar va boshqa investitsiya vositachilari tashkil etishi mumkin bo'ladi. Operatsiyalarni "Toshkent" fond birjasida, mahalliy onlayn platformalar orqali, shuningdek, xorijiy savdo maydonchalariga kirish uchun vositachilar platformalaridan foydalangan holda amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Muomalaga faqat NAPP ma'qullaganidan so'ng maxsus reyestrga kiritilgan qimmatli qog'ozlar qo'yiladi. Emitent va aktivlarning o'zi tan olingan xorijiy yurisdiksiyada ro'yxatdan o'tgan bo'lishi, savdo maydonchasi esa kamida $1 trln umumiy kapitallashuvga ega bo'lishi lozim. Bitimlarni faqat malakali investor maqomiga ega jismoniy va yuridik shaxslar amalga oshirishi mumkin. Shu bilan birga, xorijiy qimmatli qog'ozlarni qarz mablag'lari hisobidan sotib olish taqiqlanadi, shuningdek, yuridik shaxslarga bunday operatsiyalar uchun valyutani konvertatsiya qilishdan foydalanish man etiladi. Shu bilan bir qatorda, tovar va xizmatlar eksportidan tushgan valyuta tushumini investitsiyalarga yo'naltirishga ruxsat beriladi.