O'zbekistonning NURA Electric, Ummonning Voltamp Energy hamda Uzbek-Oman Investment Company kompaniyalari O'zbekistonda kuch transformatorlarini ishlab chiqarish bo'yicha korxona qurishga kelishib oldilar. Tegishli kelishuvni uchala kompaniya vakillari imzoladilar. Loyiha 220 kV gacha kuchlanishdagi uskunalarni ishlab chiqarish quvvatiga ega zamonaviy sanoat majmuasini barpo etishni nazarda tutadi.
Bo'lajak korxonaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 5000 MVA ni tashkil etadi. Zavod zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda yuqori quvvatli kuch transformatorlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashadi. Loyiha o'zbek va ummonlik hamkorlarning ishlab chiqarish hamda investitsiyaviy imkoniyatlarini birlashtiradi. Kelishuv haqidagi axborotni "O'zeltexsanoat" uyushmasi tarqatdi.

Korxonaning ishga tushirilishi O'zbekistonning elektrotexnika mahsulotlari mintaqaviy bozoridagi mavqeini mustahkamlash, Ummon bilan sanoat sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda yuqori qo'shilgan qiymatga ega uskunalar eksportini oshirish imkonini berishi kutilmoqda. Zavod qurilishi muddatlari va investitsiyalar hajmi hozircha ochiqlanmagan.