O‘zbekistonda ilmiy tashkilotlar, tadqiqotchilar va ularning faoliyati natijalarini hisobga olishning yagona raqamli tizimi yaratiladi. Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 604-son qarorida Science ID umrbod identifikatori, ilmiy tashkilotlarning elektron reyestri hamda ilmiy va innovatsion axborotlarning umumiy bazasini joriy etish ko‘zda tutilgan. Hujjat 3-noyabrdan kuchga kirdi.
Yagona reyestrni yaratish Innovatsion rivojlanish agentligiga topshirildi. 2027-yil 1-yanvarga qadar reyestr.ilmiy.uz platformasi ishlab chiqilishi, 1-fevralgacha esa tashkilotlarning faoliyat turlari belgilanib, davlat xizmatlari markazlari va my.gov.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yilishi kerak. 1-aprelga qadar Ilmiy va innovatsion axborotlarning yagona elektron bazasini joriy etish rejalashtirilmoqda. Science ID OTM o‘qituvchilari, ilmiy institutlar xodimlari, doktorantlar va mustaqil izlanuvchilarga avtomatik tarzda beriladi. Mazkur raqam ish joyi yoki shaxsiy ma’lumotlar o‘zgarganda ham o‘zgarishsiz qoladi.

Yangi tizim, shuningdek, olimlarning tadqiqotlar, grantlar va innovatsion dasturlardagi ishtiroki to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi. Yuqori ilmiy faollikka ega mutaxassislar uchun lavozim maoshining 10 foizigacha ustamalar to‘lanishi ko‘zda tutilgan. Yutuqlarni — nashrlar, monografiyalar, patentlar, darsliklar va ishlanmalarni amaliyotga joriy etishni — kutubxona.ilmiy.uz elektron kutubxonasi orqali tasdiqlash lozim bo‘ladi. Tekshirilgan ma’lumotlar asosida elektron ma’lumotnoma shakllantiriladi, biroq to‘lovlar avtomatik tarzda belgilanmaydi: xodimning hissasi va belgilangan mezonlarni inobatga olgan holda yakuniy qaror tashkilot komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.