O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Uzum kompaniyasi hamda Farg‘ona davlat texnika universiteti yangi avlod qurilish materiallari forsayt-ofisini rivojlantirish uchun 250 ming dollar miqdorida grant jalb qilishga kelishib oldi. Loyiha universitet qoshida istiqbolli texnologiyalarni izlash, energiya tejamkor va ekologik toza materiallarni ishlab chiqish hamda ilmiy yechimlarni sanoat ishlab chiqarishiga tatbiq etish bilan shug‘ullanuvchi tadqiqot maydonchasini yaratishni ko‘zda tutadi.
Ustuvor yo‘nalishlar qatoriga energiya va resurs sarfi kam bo‘lgan qurilish materiallarini yaratish, mahalliy xomashyo va sanoat chiqindilaridan yanada samarali foydalanish, shuningdek, kam uglerodli mahsulotlarni ishlab chiqish kiradi. Forsayt-ofis texnologik tendensiyalar va bozor talabini tahlil qiladi, korxonalar ehtiyojlarini o‘rganadi, istiqbolli ishlanmalarni sinovdan o‘tkazadi hamda ularni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha takliflar tayyorlaydi. Olimlar, universitet va sanoat o‘rtasidagi hamkorlikka alohida e'tibor qaratiladi.

Tashabbus ustidagi ishlar boshlab yuborildi. Farg‘ona viloyati Ilmiy-texnik konsorsiumining dastlabki yig‘ilishida qurilish sohasi bo‘yicha 40 ga yaqin korxona vakillari ishtirok etib, 30 dan ortiq ilmiy-texnologik yechimlarni taqdim etdi. Bundan tashqari, xalqaro ekspertlar ishtirokida 15 ta istiqbolli texnologik yo‘nalish bo‘yicha takliflar tayyorlandi. Yangi maydoncha ilmiy tadqiqotlarni amaliy ishlanmalarga aylantirish va ularni O‘zbekiston korxonalariga joriy etishni tezlashtirishga yordam berishi kutilmoqda.