O‘zbekistonda fishing saytlariga o‘tishga urinishlarning keskin o‘sishi qayd etildi. “Kasperskiy laboratoriyasi” ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning III choragiga kelib, ularning soni 2025-yilning I choragi ko‘rsatkichidan uch barobardan ko‘proq oshdi. Kompaniya tizimlari jami shunday o‘tishlarning 2,1 milliontasini blokladi. Toshkentda bo‘lib o‘tgan Cyber Security Weekend 2026 konferensiyasida Kaspersky vakillari ushbu vaziyat haqida so‘zlab berishdi. Mutaxassislar, shuningdek, biznes uchun asosiy tahdidlar va sun’iy intellektdan foydalanish xatarlarini muhokama qildilar.
Kompaniya statistikasiga ko‘ra, 2026-yilda O‘zbekistondagi foydalanuvchilarning 53 foizi mahalliy tahdidlarga duch kelgan. Ularga USB-fleshkalar va boshqa olinadigan axborot tashuvchilar orqali tarqaladigan zararli fayllar, shuningdek, shifrlangan hujjatlar va dasturlarning soxta o‘rnatuvchilari kiradi. Korporativ foydalanuvchilar orasida bu usulda zararlashga urinishlar 44 foizda aniqlangan. Internet tahdidlari esa oddiy foydalanuvchilarning 29 foiziga va korporativ qurilmalarning qariyb 14 foiziga ta’sir ko‘rsatgan.

Ekspertlar kiberxavflar nafaqat xususiy foydalanuvchilar, balki tashkilotlar uchun ham jiddiy chaqiriqqa aylanayotganini ta’kidlamoqdalar. Fishing resurslari, zararli birikmalar va ishchi qurilmalarning yetarlicha himoyalanmaganligi alohida xavf tug‘diradi. Konferensiyada, shuningdek, SI-assistentlaridan xavfsiz foydalanish masalalari va ma’lumotlar sizib chiqishining oldini olish uchun kibergigiyenaning asosiy qoidalariga rioya qilish muhimligi tilga olindi.