Uzum VR Capitalдан fintech yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun 300 milliard so‘m jalb qildi

Milliy valyutadagi moliyalashtirish 25 million dollarga teng bo‘lib, jamg‘armaning kompaniyaga ikkinchi sarmoyasi bo‘ladi

Uzum fintech kompaniyasi Amerika jamg‘armasi VR Capitaldan 300 milliard so‘m — taxminan 25 million dollar jalb qilganini e’lon qildi. Rivojlanayotgan bozorlardagi eng yirik xalqaro investorlardan biri bo‘lgan jamg‘arma Uzumga ikkinchi marta sarmoya kiritmoqda, bu O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotining barqaror dinamikasining tasdig‘i sifatida qaraladi.

Uzumning xabar berishicha, yangi moliyalashtirish kompaniyaning asosiy fintech yo‘nalishlarini rivojlantirishni jadallashtiradi. Raqamli banking, to‘lov infratuzilmasi va iste’mol kreditlari ustuvor hisoblanadi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, u mahalliy infratuzilmaga tayangan holda millionlab foydalanuvchilar uchun moliyaviy inklyuziya darajasini oshirgan holda, hamyonbop va masshtabli moliyaviy xizmatlarni yaratishda davom etadi.

Milliy valyutada investitsiyalarni jalb qilishning muhimligi alohida ta’kidlangan. Uzumning fikricha, bu so‘mning xalqaro hisob-kitoblardagi rolini kuchaytiradi va mamlakatda korporativ moliyalashtirishning barqarorligini qo‘llab-quvvatlaydi.

Uzum ekotizimidan O‘zbekistonning 20 millionga yaqin aholisi foydalanadi. Kompaniya xizmatlar sifatini yaxshilash va iqtisodiyotning raqamli transformatsiyasiga yordam berish orqali mamlakatning eng yirik raqamli platformasini rivojlantirishni davom ettirmoqchi.