O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov 27-yanvar kuni Pokistonning Habib Rafiq Ltd kompaniyasi bosh ijrochi direktori Malik Muhammad Aslam bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida tomonlar infratuzilma qurilishi, "aqlli shaharlar"ni rivojlantirish, tog‘-kon va qayta ishlash sanoati sohalarida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar. Misni boyitish, strategik foydali qazilmalarni qazib olish va ilg‘or muhandislik yechimlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, smart city loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish va O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha hamkorlikning asosiy shartlarini mustahkamlaydigan O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat har ikki tomonning uzoq muddatli qo‘shma loyihalarni ishga tushirish va amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligini tasdiqlaydi.
Habib Rafiq Ltd — 70 yildan ortiq tarixga ega Pokistonning eng yirik muhandislik-qurilish kompaniyalaridan biri. Kompaniya Capital Smart City va Lahore Smart City loyihalarini amalga oshiradi, Islamabad xalqaro aeroporti qurilishida ishtirok etadi, "yashil" energetikani rivojlantiradi, shuningdek Xitoyning Geely korporatsiyasi bilan hamkorlikda elektromobillar ishlab chiqaradi va innovatsion texnologiyalarni joriy etadi.