O'zbekiston va Pokiston aviaqatnovlarni kengaytirmoqda

Centrum Air va My Freighter yangi yo'lovchi va yuk yo'nalishlarini ishga tushirmoqda

Centrum Air va My Freighter aviakompaniyalari O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi marshrut tarmog‘ini kengaytirishini e’lon qildi. Bu qaror ikki tomonlama aloqalarning faollashuvi fonida qabul qilindi: O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokistonga tashrifi chog‘ida mamlakatlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarning strategik ahamiyatini ta’kidladi.

Aprel oyidan boshlab Centrum Air Toshkent — Lahor yo‘nalishi bo‘yicha muntazam yo‘lovchi reyslarini amalga oshirishni boshlaydi. Shu bilan birga, My Freighter biznes va savdo uchun logistika imkoniyatlarini kuchaytirib, Karachi shahriga yuk yo‘nalishini ochadi.

Yangi marshrutlar ishbilarmonlik va turistik aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, tovar ayirboshlash hajmining o‘sishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Centrum Holding asoschisi va bosh direktori Abdulaziz Abdurahmonovning so‘zlariga ko‘ra, reyslarning ishga tushirilishi uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlik va hududlarni rivojlantirish vositasiga aylanadigan barqaror «havo ko‘prigi»ni shakllantirishdir.