13 fevral kuni O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida YXHTning odam savdosiga qarshi kurash bo'yicha maxsus vakili va koordinatori Keri Jonston bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Tashrif Huquqni muhofaza qilish organlari akademiyasida bo'lib o'tgan "O'zbekistonda texnologiyalardan foydalangan holda odam savdosiga qarshi kurash" seminarining doirasida amalga oshirildi.
Tomonlar uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashning mintaqaviy va global tendentsiyalarini, jumladan, migrantlarni ekspluatatsiya qilish va jinsiy zo'ravonlik bilan bog'liq jinoyatlarni muhokama qildilar. Bunday huquqbuzarliklarni aniqlash, tahlil qilish va oldini olish uchun zamonaviy raqamli vositalarni qo'llashga alohida e'tibor qaratildi.
Ishtirokchilar YXHTga a'zo davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash va qo'shma tashabbuslarni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratdilar. Ichki ishlar vazirligi axborot texnologiyalarini joriy etish odam savdosiga qarshi kurash samaradorligini oshirishning asosiy yo'nalishlaridan biriga aylanayotganini ta'kidladi.