O'zbekistonda fanda ayollar uchun Olima klubi tashkil etilmoqda

Klub mentorlik, hamkorlik va innovatsion g'oyalarni qo'llab-quvvatlash markaziga aylanadi

O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish agentligi qoshida ilmiy va innovatsion sohalarda faoliyat yuritayotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash platformasiga aylanadigan «Olima» klubini ishga tushirish rejalashtirilgan. Tashabbus olimlar va yosh tadqiqotchilar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, mentorlik tizimini rivojlantirish va ilg‘or tajribani ommalashtirishga qaratilgan.

11-fevral kuni Xalqaro fan sohasida ayollar va qizlar kuni munosabati bilan agentlikda «Fan sohasida ayollarning ovozi» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda olimlar, talabalar, startapchilar va vazirliklar vakillari ishtirok etdi. Ayollarning ilmiy faoliyatda ishtirokini kengaytirish, grantlardan samarali foydalanish, tadqiqotlarni dolzarblashtirish va ayollar tomonidan yaratilgan ixtirolarni ilgari surish yo‘llari muhokama qilindi.

Olima tashabbusi tajriba almashish, ijtimoiy to‘siqlarni aniqlash va bartaraf etish, shuningdek, o‘zbekistonlik tadqiqotchilarning loyihalarini xalqaro miqyosda e’tirof etish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan. Klub mentorlik, hamkorlik va innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash markaziga aylanib, mamlakatning ayollar orasida ilmiy salohiyatini oshirishga yordam beradi.