Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning asosiy transport-logistika xabi maqomini mustahkamlash, Janubiy Koreya bilan hamkorlikni faol rivojlantirish niyatida. Bu haqda diplomat Alisher Abdusalomov Janubiy Koreyaning AJP nashriga bergan intervyusida maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, samarali diplomatiya ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish, investitsiyalar va yangi ish oʻrinlariga olib kelishi kerak.
Oʻzbekiston dengizga chiqish imkoniyatiga ega boʻlmagani sababli, mamlakat temir yoʻl infratuzilmasini rivojlantirishga eʼtibor qaratmoqda. Bunday hamkorlikning namunalaridan biri Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi tomonidan yaratilgan Jaloliddin Manguberdi tezyurar poyezdi boʻldi. Hozirda u Toshkent–Xiva yoʻnalishida sinovdan oʻtmoqda. Hukumat nafaqat poyezdlarni sotib olishni, balki ularga xizmat koʻrsatish, taʼmirlash va komponentlarni mahalliy yigʻish uchun servis markazlarini yaratishni ham koʻrib chiqmoqda.
Infratuzilmani modernizatsiya qilish mamlakatni dunyoning eng yirik 50 ta iqtisodiyoti qatoriga kiritishga qaratilgan «Oʻzbekiston-2030» strategiyasining bir qismidir. Transportdan tashqari, Janubiy Koreya bilan hamkorlik raqamli yechimlarni — elektron hukumat, intellektual logistika va katta maʼlumotlar tahlilini rivojlantirishni oʻz ichiga oladi. Qoʻshma loyihalar aviatsiya sohasida ham amalga oshirilmoqda, xususan, Urganch xalqaro aeroportini Inchxon aeroporti korporatsiyasi bilan birgalikda modernizatsiya qilishda, u Toshkentning yangi aeroporti uchun model sifatida koʻrilmoqda.