«O‘zatom» vakillari va Fransiyaning Framatome kompaniyasi atom energetikasi sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Ishchi uchrashuv 9-mart kuni Framatome shtab-kvartirasida agentlik direktori Azim Ahmedxadjayev va kompaniyaning katta ijrochi vitse-prezidenti Loran Tyeffri ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar atom elektr stansiyalarida texnologik jarayonlarni boshqarishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etishga asosiy e’tiborni qaratdilar. Shuningdek, tajriba almashish, texnologiyalarni uzatish va yadro obyektlarining ishonchliligi va xavfsizligini oshirish bo‘yicha qo‘shma ishlar masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekistonda atom energetika bloklarini qurish loyihalarini amalga oshirishda strategik sheriklik istiqboli alohida mavzu bo‘ldi. Framatome yadro sanoatining jahon yetakchilaridan biri hisoblanadi va allaqachon «Rosatom» bilan birgalikda xalqaro loyihalarda, jumladan, Vengriyadagi «Paksh II» va Misrdagi «El-Dabaa» AES qurilishida ishtirok etmoqda.