Toshkentda yangi pullik avtoturargohlar paydo bo'ladi

Bir nechta operatorlar bilan

Toshkent hokimligi pullik avtoturargohlar tizimini kengaytirishni rejalashtirmoqda va ularni boshqarish uchun bir nechta operatorlarni jalb qiladi. Poytaxt hokimining o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyevning ma’lum qilishicha, qo‘shimcha maydonlar bir necha yuz o‘rinli yirik lotlarga bo‘linib, auksionga qo‘yiladi. Hozirda 2−3 nafar da’vogar bor, ular orasida nafaqat Streetpark Systems, balki boshqa kompaniyalar ham bor.

Pullik avtoturargohlar loyihasi 2024-yilda boshlangan. Hokim Shavkat Umurzoqovning farmoniga ko‘ra, 2025-yil avgust oyi oxirigacha 13,2 mingta joy tashkil etish, kelajakda ularning sonini 84 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan edi. 2024-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan auksionda texnik jihozlashga kamida 5 million dollar investitsiya kiritish taklif etilgan, tariflar bir soat uchun 5000 so‘mdan 12 000 so‘mgacha.

Takroriy savdolarda Streetpark Systems avtoturargohlarni uch yilga boshqarish huquqini 62,93 milliard so‘m taklif bilan qo‘lga kiritdi. Avvalroq Balcomuz 120 milliard so‘m atrofida taklif qilgan, biroq kompaniya bilan shartnoma tuzilmagan. Yangi auksionlar boshqa operatorlarning bozorga kirishiga va poytaxtda pullik to‘xtash joylarini joriy etishni tezlashtirishga imkon beradi.