Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) O‘zbekistonga yadro tibbiyotini rivojlantirish bo‘yicha Strategik yo‘l xaritasi va Milliy strategiyasini ishlab chiqishda ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi. O‘zbekistonning Vena shahridagi elchixonasi tomonidan olingan xatda ushbu sohani rivojlantirishga kompleks yondashuv sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlashi, onkologik yordamdan foydalanish imkoniyatini kengaytirishi va zamonaviy tibbiy texnologiyalarni joriy etishi ta’kidlangan.
MAGATEning ko‘magi texnikaviy hamkorlikning mavjud dasturlari va 2025–2027-yillarga mo‘ljallangan Qo‘shma harakatlar rejasi doirasida taqdim etiladi. Agentlik xalqaro xavfsizlik standartlari va ilg‘or tajribalarga rioya qilgan holda ekspertlik va maslahat yordamini ko‘rsatishga tayyor.
Radio terapiya, radiologiya, radiofarmatsiya va yadro tibbiyotini umumiy rivojlantirish sohasidagi hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Idora milliy tibbiyot infratuzilmasi darajasini oshirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish maqsadida O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.