2026-yil 2-aprelda Toshkentda O‘zbekistonda toza vodorod texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbus boshlandi. Clean Hydrogen for Uzbekistan («O‘zbekiston uchun toza vodorod») loyihasi Global yashil o‘sish instituti (GGGI) tomonidan mamlakat Energetika vazirligi bilan hamkorlikda taqdim etildi. Uning maqsadi – vodorod texnologiyalarini keng miqyosda joriy etish uchun to‘liq ekotizim va huquqiy bazani yaratish. Tashabbus O‘zbekiston Energetika vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi va Koreya Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi qoshidagi «yashil» kurs bo‘yicha Koreya jamg‘armasi (KGNDTF) tomonidan moliyalashtiriladi.
O‘zbekiston energetika sektorini faol modernizatsiya qilmoqda. Mamlakatda 2030-yilgacha «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi va qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirish va yoqilg‘i-energetika balansini diversifikatsiya qilish bo‘yicha bir qator dasturlar amalga oshirilmoqda. 2025-yil oktabr oyidagi yangilangan «Milliy darajada belgilanadigan hissalar» (NDC 3.0) hujjatiga ko‘ra, 2030-yilga kelib qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish ulushi 54 % ni tashkil etishi kerak.
Loyiha doirasida vodorod energetikasining salohiyatini baholash va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini aniqlash imkonini beruvchi pilot dasturlar ishga tushiriladi. Toza vodorod butun hayotiy sikl davomida minimal yoki nol darajadagi issiqxona gazlari emissiyasi bilan ajralib turadi, energiyani samarali to‘playdi va uzatadi, uglerod izini kamaytiradi. Ushbu xususiyatlar vodorodni sanoatni dekarbonizatsiya qilish va milliy energetika tizimining moslashuvchanligini oshirish uchun asosiy vositaga aylantiradi.