2026 yilning birinchi choragida Oʻzbekistonga pul oʻtkazmalari oqimi 3,79 mlrd AQSH dollariga yetdi. Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, bu bir yil avvalgiga nisbatan 13% yoki 433 mln ga ko‘pdir (3,36 mlrd), 2024 yil bilan solishtirganda esa o‘sish yanada sezilarli — o‘shanda hajm 2,5 mlrd dollarni tashkil etgan.
Oyma-oy dinamika bir maromdagi o‘sishni ko‘rsatdi: yanvar va fevralda 1,23 mlrd dollardan, martda esa 1,33 mlrd dollar kelib tushdi. Aynan mart chorakning eng yuqori ko‘rsatkichli oyi bo‘ldi. Yillik hisobda mart natijasi 2025 yilga nisbatan qariyb 10% ga oshdi (1,22 mlrd) va 2024 yilga nisbatan 38% ga o‘sdi (963 mln dollar).
Shu bilan birga, xalqaro tizimlar orqali mablagʻlar chiqimi 604 mln dollarni tashkil etib, yillik taqqoslashda 39 mln ga kamaydi. Regulyator qayd etishicha, valyuta taklifi eksport, banklarning tashqi qarzlari, oʻtkazmalar va aholi tomonidan valyuta sotilishi hisobidan shakllangan. 2025 yilda oʻtkazmalarning umumiy hajmi 18,9 mlrd dollarga yetdi (+27,2%), asosiy qismi Yevropa va Osiyodagi mehnat migrantlari hissasiga toʻgʻri keldi.