O‘zbekiston va Finlandiya vakillari raqamli sohada hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdilar. Uchrashuv O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va Traficom rahbari o‘rinbosari, Finlandiya Kiberxavfsizlik markazi rahbari Anssi Karkkainen ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Asosiy e’tibor ikki davlat regulyatorlari o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash va qo‘shma ishchi formatlarni ishga tushirishga qaratildi.
Yangi avlod tarmoqlarini, jumladan 5G va istiqbolli 6G ni rivojlantirish bo‘yicha Finlandiya yondashuvlari, shuningdek, radiochastota spektrini taqsimlash alohida muhokama qilindi. Bundan tashqari, tomonlar chekka hududlarda aloqa qamrovini kengaytirish va davlat xizmatlari hamda infratuzilma sifatini oshiruvchi raqamli xizmatlarni joriy etish masalalariga to‘xtaldilar.
Kiberxavfsizlik blokida tarmoqlarni himoya qilish va tahdidlarga javob berish amaliyotlarini almashish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar muhokama qilindi. Shuningdek, mutaxassislar tayyorlash dasturlari va barqaror raqamli xavfsizlik tizimini yaratish masalalari ko‘rib chiqildi. Uchrashuv yakunida ishtirokchilar telekommunikatsiyalar, kiberhimoya va raqamli transformatsiya sohasida hamkorlikni chuqurlashtirishga qiziqish bildirdilar.
