Silk Road Samarkand majmuasida bo'lib o'tgan Eco Expo Central Asia 2026 ko'rgazmasi doirasida O'zbekiston va Yaponiya hamkorligini kengaytirishga bag'ishlangan bir qator tadbirlar o'tkazildi. Asosiy e'tibor iqlimga chidamlilik, suvdan oqilona foydalanish, ekologik innovatsiyalar va Orolbo'yida barqaror qishloq xo'jaligini rivojlantirishga qaratildi. Markaziy tadbir Japan–Uzbekistan Blue & Green Nexus sayd-iventi bo'lib, unda iqlim o'zgarishiga moslashish va ekologik xatarlarni kamaytirish bo'yicha ilmiy yondashuvlar muhokama qilindi.
JICA va JST ishtirokidagi SATREPS dasturi doirasida qo'shma ilmiy tashabbuslar taqdim etildi. Kyoto universiteti olimlari Orol dengizi havzasida suv resurslarini monitoring qilish va ulardan foydalanish samaradorligini oshirish bo'yicha yechimlarni taklif qildilar. Uglerod neytralligi strategiyasi va kam uglerodli energetikaga o'tishning bir qismi sifatida "yashil" va "ko'k" vodorod ishlab chiqarish loyihalariga alohida e'tibor qaratildi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo atrof-muhitni o'rganish universiteti bazasida ekologiya va iqlimga moslashish sohasida mutaxassislar tayyorlash masalasi muhokama qilindi. Alohida blok barqaror paxtachilik va ekologik dehqonchilikka bag'ishlandi, jumladan MASUI Corp. tashabbuslari va OISCA tashkilotining O'zbekistondagi loyihalari mas'uliyatli agrotexnologiyalarni joriy etish va mahalliy jamoalarni rivojlantirishga qaratilgan.