Koreyalik avtokomponentlar yetkazib beruvchilari O'zbekistonga qiziqish bildirmoqda

Ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchilari mahalliylashtirish va mahalliy korxonalar bilan kooperatsiya imkoniyatlarini o'rgandilar

2026 Autoparts Exhibition and Biz-Meeting in Tashkent ko‘rgazmasi doirasida Janubiy Koreya avtokomponentlar ishlab chiqaruvchilari delegatsiyasi Uzavtosanoat qoshidagi Mahalliylashtirishni qo‘llab-quvvatlash markaziga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida xorijiy kompaniyalarga mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishning amaldagi dasturlari va O‘zbekiston avtomobil sektorida sanoat kooperatsiyasi imkoniyatlari taqdim etildi.

Mehmonlarga mamlakatda ishlab chiqarilayotgan avtokomponentlar va xomashyo namunalari namoyish etildi, shuningdek, mahalliy korxonalarning ishlab chiqarish salohiyati haqida ma’lumot berildi. Investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekiston hamda Janubiy Koreya ishlab chiqaruvchilari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Delegatsiya tarkibiga avtomobil sanoatining turli segmentlarida, jumladan, dvigatel komponentlari, tormoz tizimlari, filtrlar, rul mexanizmlari va osma elementlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar vakillari kirdi.

Ishtirokchilar orasida Autotop, Boram Auto, Carstation, D Only Automotive, Eslink, Hansae Mobility Turan, June Heung Filter, Korea Oil Seal va boshqa ishlab chiqaruvchilar bor edi.

Bunday uchrashuvlar O‘zbekiston avtomobil sanoatida mahalliylashtirish darajasini oshirish va yangi qo‘shma loyihalarni rivojlantirish yo‘lidagi qadam sifatida ko‘rilmoqda.