O'zbekistonda 2026-yil 1-iyuldan boshlab barcha xususiy maktablar, bolalar bog'chalari va o'quv markazlari binolar ichida ham, tashqarisida ham videokuzatuv tizimlarini o'rnatishga majbur. Yangi talablar Vazirlar Mahkamasining ta'lim faoliyatini litsenziyalash qoidalariga o'zgartirishlar kiritgan qarori bilan tasdiqlangan.
Hujjatga ko'ra, kameralar tunu-kun videoyozuv olib borishi, tasvirni real vaqt rejimida uzatishi va ovozni yozib olishi kerak. Yozuvlar arxivi kamida olti oy saqlanishi shart.
Talablarga rioya etilishi ustidan nazorat Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligiga yuklatilgan. Yangi qoidalar allaqachon faoliyat yuritayotgan xususiy ta'lim muassasalariga ham, litsenziya olayotgan tashkilotlarga ham tegishli.
Ushbu talablarga rioya qilmaslik litsenziyalash to'g'risidagi qonunchilikka muvofiq litsenziyani bekor qilish uchun asos bo'lishi mumkin.
Davlat maktablari va bolalar bog'chalarida videokuzatuv tizimlari bir necha yildan buyon joriy etilmoqda. Masalan, 2025-yilda Toshkent maktablarida 10-11-sinf xonalariga davomat va ta'lim jarayoni sifatini nazorat qilish uchun kameralar o'rnatilgan.
