Hindistonning Adani Group kompaniyasi O‘zbekistonda yangi gidroelektr stansiyalari va gidroakkumulyatsiyalovchi elektr stansiyalarini qurishga sarmoya kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Muzokaralar Ahmadobod shahrida korporatsiya rahbariyati va O‘zbekiston delegatsiyasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligida bo‘lib o‘tdi.

Adani Group asoschisi Gautam Adani O‘zbekistonda gidroenergetika sohasida olib borilayotgan islohotlarni va sohaning xorijiy investorlar uchun jozibadorligini ta’kidladi. Tomonlar zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yangi energetika ob’ektlarini qurish va qo‘shma investitsiya loyihalarini ishga tushirish masalalarini muhokama qildilar.

GES va GAESlarga alohida e’tibor qaratildi. Adanining so‘zlariga ko‘ra, korporatsiya bunday loyihalarda ishtirok etishdan manfaatdor. Gidroenergetika O‘zbekistonning “yashil” energetikasini rivojlantirish, energetika tizimining barqarorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan yanada samarali foydalanishning muhim qismi sifatida ko‘rib chiqilmoqda.

Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlik mexanizmlari, investitsiya tashabbuslarini birgalikda tayyorlash va ularni keyinchalik amalga oshirish ustida ishlashni davom ettirishga kelishib oldilar.