O'zbekiston gaz infratuzilmasini ta'mirlashni moliyalashtirishning yangi mexanizmini ishga tushirmoqda, bu bir vaqtning o'zida gaz yo'qotishlarini kamaytirishi va tizimni modernizatsiya qilish uchun doimiy mablag' manbasini yaratishi kerak. Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabariga ko'ra, mamlakatda 1000 dan ortiq gaz sizib chiqish joylari aniqlangan, bu esa har yili 35 mln kubometrga yaqin gaz yo'qotilishiga olib kelishi mumkin – bu 12 500 xonadonning yillik iste'moliga teng hajm.

Jahon banki loyihani amalga oshirish uchun $10,6 mln miqdorida grant ajratdi. Pul mablag'lari birinchi navbatda sizib chiqish joylarini topish va bartaraf etishga yo'naltiriladi. Ta'mirlashdan so'ng, mustaqil verifikator amalda tejalgan gaz hajmini o'lchaydi. Uning qiymati alohida hisobvaraqqa o'tkaziladi va keyin yangi ta'mirlash ishlarini moliyalashtirish uchun ishlatiladi.

2029 yilga kelib, loyiha har yili 47,5 ming metrik tonna gaz yo'qotilishining oldini olish va taxminan $18 mln tejash imkonini berishi kerak. Natijada, aholi va korxonalar uchun ko'proq resurs qoladi, gaz tizimini ta'mirlash esa allaqachon erishilgan tejash hisobiga qisman moliyalashtirilishi mumkin.

Yo'qotishlarni kamaytirish uchun $9,6 mln, yana $500 mingdan monitoring va hisobot tizimini rivojlantirish hamda xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda loyiha guruhining ishi uchun ajratiladi. Muvofiqlashtirish bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi va "O'ztransgaz" ishtirokidagi idoralararo guruh shug'ullanadi.