Farg'ona viloyati delegatsiyasi hokim Xayrullo Bozorov boshchiligida Seuldagi LG Innovation Gallery'ga tashrif buyurib, Janubiy Koreyaning LG Group kompaniyasining zamonaviy ishlanmalari bilan tanishdi. Ko'rgazma markazi Gangso okrugining Magok tumanidagi LG Sciencepark hududida joylashgan. Farg'ona viloyati vakillariga yagona innovatsion makonda birlashtirilgan texnologiyalar namoyish etildi.

Tashrif davomida sun'iy intellekt va robototexnika, OLED-displeylar, Smart Home va IoT texnologiyalari, ulangan avtomobillar va biotexnologiyalarga alohida e'tibor qaratildi. Robototexnika zonasida delegatsiyaga AI, zamonaviy displey texnologiyalari va elektron komponentlar asosidagi yechimlar ko'rsatildi. LG vakillari yangi ishlanmalarning amaliy qo'llanilishi va ularning kelajakdagi rivojlanish istiqbollari haqida ham so'zlab berishdi.

Delegatsiya LG ThinQ sun'iy intellekt platformasi asosidagi Smart Home ekotizimi bilan alohida tanishdi. U turli aqlli uy qurilmalarini yagona tizimga birlashtirish va ularni boshqarish imkonini beradi. LG Innovation Gallery'ga tashrif Farg'ona viloyati vakillariga LG'ning ilg'or texnologiyalari bilan tanishish va kompaniyaning AI, robototexnika va boshqa raqamli yechimlarni birlashtirishga zamonaviy yondashuvlarini baholash imkoniyatini berdi.