Fransiyaning LINAGORA texnologiya kompaniyasi o‘z ishlanmalarining bir qismini O‘zbekistonda joylashtirish va mamlakatda mintaqaviy markaz yaratish imkoniyatini o‘rganmoqda. U Markaziy Osiyo va MDH bozorlariga dasturiy yechimlarni ishlab chiqish va yetkazib berish bilan shug‘ullanishi mumkin. Bu masala O‘zbekiston vakillarining kompaniya asoschisi va prezidenti Aleksandr Zapolskiy bilan Parijda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida muhokama qilindi.

IT Park Uzbekistan vakillari mamlakatning kadrlar salohiyati, xarajatlar tuzilmasi va mahalliy IT-ekotizim imkoniyatlari haqida so‘zlab berishdi. Tomonlar, shuningdek, mavjud qo‘llab-quvvatlash choralari va IT Park Uzbekistan rezidenti maqomini olish shartlarini muhokama qildilar. Potensial loyiha ishlanmalarning bir qismini ko‘chirish va yangi yuqori texnologiyali ish o‘rinlarini yaratishni o‘z ichiga olishi mumkin.
Raqamli suverenitet, open-source va sun’iy intellektga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonda LINAGORA Twake Workplace va LinShare yechimlarini, shuningdek, OpenLLM Europe tashabbusi doirasidagi ochiq AI-modellarini, jumladan LUCIE’ni qo‘llash ko‘rib chiqilishi mumkin. Kompaniya, shuningdek, 500 dan ortiq open-source paketlarga ega OSSA freymvorkini rivojlantirmoqda.