O'zbekistonda Energetika vaziri Jo'rabek Mirzamahmudov va xalqaro neft-servis kompaniyasi SLB vakillari ishtirokida muzokaralar bo'lib o'tdi. Uchrashuv energetika sohasida hamkorlikni rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga bag'ishlandi.

O'zaro hamkorlikning asosiy yo'nalishlari, jumladan, geologiya-qidiruv ishlari, burg'ulash, konlarni raqamli modellashtirish va uglevodorod qazib olish samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi. Sanoatni raqamlashtirish va resurslarni boshqarish uchun zamonaviy ma'lumotlar bazalarini yaratishga alohida e'tibor qaratildi.

Shuningdek, tomonlar kadrlar tayyorlash va energetika sohasida kasbiy malakalarni rivojlantirish masalalariga to'xtalib o'tdilar. SLB kompaniyasi universitetlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ta'lim dasturlarining xalqaro amaliyotlarini taqdim etdi. Uchrashuv yakunida hamkorlikni davom ettirish va iyun oyi boshida raqamli texnologiyalar hamda burg'ulash va konlarni o'zlashtirishda sun'iy intellektni qo'llash bo'yicha amaliy seminar o'tkazishga kelishib olindi.