Toshkent — Samarqand yangi pullik avtomagistralini qurish bo‘yicha pudratchi sifatida Xitoyning China Overseas Engineering Construction (COVEC) kompaniyasi tanlandi. Rasmiy e’lon 22-iyul kuni loyihani amalga oshirishni boshlash marosimida yangradi.
Yo‘l qurilishi bo‘yicha tanlovda to‘rtta Xitoy kompaniyasi, jumladan, China State Construction Engineering Corporation, China Road and Bridge Corporation va China Railway 20th Bureau Group ishtirok etdi. Tanlov yakunlariga ko‘ra, China Railway Group tarkibiga kiruvchi va xalqaro infratuzilma loyihalariga ixtisoslashgan COVEC g‘olib deb topildi.
Kompaniya vakillari qurilishda zamonaviy texnologiyalar, xavfsizlik standartlari va ekologik yechimlar qo‘llanilishini ma’lum qildi. Toshkent — Samarqand yangi pullik avtomagistrali mamlakatning eng yirik transport loyihalaridan biriga aylanadi. Qurilish qiymati taxminan 2,2 milliard dollarga baholanmoqda. Yo‘l tashish tezligini oshirishi, logistikani yaxshilashi va O‘zbekistonning yirik shaharlari o‘rtasidagi transport aloqasini mustahkamlashi kutilmoqda.
