O‘zbekiston va Sloveniya qo‘shma investitsiya loyihalari ustida ishlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Bu haqda O‘zbekiston elchisi Oybek Shahavdinovning Lyublyanada yetakchi Sloveniya kompaniyalari va tashkilotlari vakillari bilan uchrashuvlari yakunlari bo‘yicha ma’lum bo‘ldi. Tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik aloqalarni kengaytirishni muhokama qildilar.
Asosiy e’tibor farmatsevtika, energetika, transport, raqamli texnologiyalar, mashinasozlik, chiqindilarni qayta ishlash, aviatsiya, ta’lim va konsalting sohalaridagi istiqbolli loyihalarga qaratildi. Sloveniya biznes vakillari O‘zbekistonda qo‘shma korxonalar tashkil etishga, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishga va yangi loyihalarga sarmoya kiritishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishni davom ettirishga kelishib oldilar. Yaqin kelajakda Sloveniya kompaniyalarining O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etish, tegishli davlat tuzilmalari bilan muzokaralar o‘tkazish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mahalliy hamkorlarni tanlash rejalashtirilgan.
