Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov "Rosatom Markaziy Osiyo" mintaqaviy markazi bosh direktori Aleksey Dremuchev boshchiligidagi "Rosatom" delegatsiyasi bilan uchrashdi. Tomonlar hamkorlikni rivojlantirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va mintaqada ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Rossiya tomoni kompaniyaning atom energetikasi, mashinasozlik, yadro tibbiyoti, raqamli texnologiyalar va yangi materiallar ishlab chiqarishdagi yechimlarini taqdim etdi.

Turli sohalardagi istiqbolli loyihalarga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, tomonlar tibbiyot sohasida pilot loyihani ishga tushirish imkoniyatini, shuningdek, yoqilg‘i-energetika sektori, energiyani saqlash, kompozit materiallar ishlab chiqarish, kadrlar tayyorlash va transport logistikasida hamkorlikni ko‘rib chiqdilar.

Uchrashuv ishtirokchilari Farg‘ona viloyatining sanoat va investitsiya salohiyatini qayd etdilar. Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqishga kelishib oldilar. Hujjat aniq loyihalarni va ularni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilashi kerak.