Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Thirty-Five Group asoschisi va boshqaruvi raisi Xolid bin Muhammad Al-Attiyah bilan muzokaralar oʻtkazdi. Avvalroq qatarlik ishbilarmon Bosh vazir oʻrinbosari, Tashqi ishlar vaziri va Qatar Mudofaa vaziri lavozimlarida ishlagan.

Uchrashuv davomida tomonlar investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va Oʻzbekiston iqtisodiyotiga uzoq muddatli kapital jalb etish masalalarini muhokama qildilar. Qatar xoldingiga energetika, logistika, kimyo sanoati, taʼlim, geologiya va togʻ-kon sanoati sohalarida bir qator istiqbolli loyihalar taqdim etildi. Shuningdek, infratuzilma va zamonaviy texnologiyalar sohasidagi tashabbuslar ham muhokama qilindi.

Thirty-Five Group Oʻzbekistonning yuqori investitsiyaviy salohiyatini qayd etdi va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi. Muzokaralar yakunida tomonlar qoʻshma tashabbuslar ustida ishlashni davom ettirish va aniq loyihalarni yanada chuqurroq oʻrganishga kelishib oldilar.