O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xorijda bo‘lgan yoki sayohat qilishni rejalashtirayotgan fuqarolar uchun Consular Services ilovasini taqdim etdi.
Xizmat masofadan turib konsullik xizmatlarini olish, elchixonalar va konsulliklarning manzillari, kontaktlari va geolokatsiyasini ko‘rish, shuningdek, qaysi vakolatxona ma’lum bir hududga mas’ul ekanligini tekshirish imkonini beradi.
Birinchi bosqichda ilova orqali O‘zbekistonga qaytish sertifikatiga ariza berish va vaqtinchalik yoki doimiy konsullik hisobiga turish mumkin. Ilova foydalanuvchining rasmiy ma’lumotlari asosida anketalarni avtomatik to‘ldirishni qo‘llab-quvvatlaydi, bu esa rasmiylashtirish vaqtini qisqartiradi.
Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari uchun viza talablari bo‘limi ham mavjud. Xizmat sinov rejimida ishlamoqda, ma’lumotlar bazasi muntazam yangilanib va kengaytirilib boriladi.
