Oʻzbekiston va Malayziya mikroelektronika, yarimoʻtkazgichlar ishlab chiqarish va tegishli mutaxassislarni tayyorlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda. Oʻzbekiston delegatsiyasining Malayziyaga ishchi tashrifi davomida tomonlar universitetlar va texnologik tashkilotlar oʻrtasida bir qancha memorandumlar imzoladilar.
Kuala-Lumpurda Oʻzbekiston vakillari IC Design Park majmuasi va MIMOS Berhad tadqiqot markaziga tashrif buyurdilar. Ular yarimoʻtkazgichli plastinalar bilan ishlash, mikroelektron qurilmalar prototiplarini ishlab chiqish, integral mikrosxemalarni sinovdan oʻtkazish va ularning ishonchliligini tekshirish uchun infratuzilma bilan tanishdilar. Delegatsiya, shuningdek, Selangor AI & Semiconductor Summit 2026 sammitida ishtirok etdi va soha kompaniyalari bilan muzokaralar oʻtkazdi.

ToshTech Malayziyaning ASEM Academy va Great ASIC kompaniyalari bilan, Cyber University esa Asia e University, Asia Pacific University of Technology & Innovation va AlphaSwift kompaniyasi bilan shartnomalar tuzdi. Kelishuvlar kadrlar tayyorlash, texnologik tajriba almashish va qoʻshma ilmiy-amaliy loyihalarni nazarda tutadi. Tashrifning keyingi bosqichi Penang shahri boʻldi. Taʼlim dasturlarini ishga tushirishning aniq muddatlari hozircha oshkor etilmagan.











